Farg'ona

Kompaniya haqida

Teleradiokompaniya tarixi

  1991 yili Farg`ona viloyat televideniesiga zamonaviy telekameralar, videouskunalar keltirildi. Teleko`rsatuvlarni tayyorlashda 2 ta «Panasonic–70» super VXS videokameralari va «Panasonic» videomagnitofonidan foydalanilgan. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayoti aks etgan birinchi teleko`rsatuv 1991 yilning 22 dekabrida efirga uzatildi.

  1992 yili viloyat telestudiyasi qurilishi boshlandi. Zamonaviy telestudiya foydalanishga topshirilgunga qadar radiostudiyada ko`rsatuvlar tasvirga tushirilgan. Bu erda asosan informatsion dastur, ochiq muloqot va davra suhbatlari yozib olinardi.

  Farg`ona viloyati So`x tumani aholisining talab va istaklarini hisobga olib, muxlislarni tezkor axborotlar bilan ta’minlash hamda teleradioeshittirishlarni yanada rivojlantirish maqsadida 1999 yilning 1 dekabridan viloyat teleradiokompaniyasi tarkibida So`x tumanida ko`rsatuvlar olib boruvchi tahririyat tashkil etildi. 2004 yilda viloyat televideniesi uchun teleminora qurilib radiorele liniyasining (RRL) stansiyasi o`rnatildi. Eng dolzarb mavzudagi telemuloqotlarni yozib olib, to`g`ridan-to`g`ri efirga uzatish imkoniyati yaratilib, ma’lum muddat teledasturlar shu uslubda uzatish stansiyasiga etkazilib turdi.

  Shuningdek, viloyat teleradiokompaniyasi ixtiyorida ko`chma televizion stansiyasi (KTS) bo`lib, u Farg`ona viloyatida bo`lib o`tayotgan eng muhim tadbirlarni, xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega sport musobaqalarini, tok-shou hamda shu kabi yirik ko`rsatuvlarning sifatli yozib olinishida qo`l kelmoqda.

  2006 yilda teleradioko`rsatuv va eshittirishlarni ishlab chiqarish hamda shakllantirish jarayoniga zamonaviy raqamli uskunalar va mediatexnologiyalar tatbiq etildi.

  Ayni paytda viloyat televideniesida o`zbek, rus va tojik tillarida ko`rsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda.

Efir soati: 18 soat.

Efir qamrovi: Farg`ona vodiysi bo`ylab.

Maqsadi va asosiy vazifalari

Viloyat teleradiokompaniyasi mazkur yo`nalishlarni amalga oshirishda O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, MTRKning me'yoriy hujjatlar asosida  faoliyat ko`rsatadi.

O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining Farg`ona viloyat teleradiokompaniyasi  ko`rsatuv  va eshittirishlari bilan viloyat axborot makonida  salmoqli o`rin egallagan ommaviy axborot vositasidir.

Mustaqillikni asrab-avaylash, ko`z qorachig`idek saqlash, uning bebaho ne'mat ekanligini, istiqlol, halqimizning azaliy qadriyatlari, ajdodlarimizning  boy ma'naviy merosini  fuqarolar ongiga singdirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning samaralarini keng yoritish, ichki va tashqi siyosat sohasida erishilayotgan yutuqlar, huquqiy va tibbiy madaniyatni targ`ib qilish, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishda ilm-fan, jismoniy tarbiya va sportning muhim ahamiyat kasb etishi haqida tushunchalar berish, zaminimiz tarixi, fan, adabiyot, san'at sohasidagi merosni o`rganish, asrash va avlodlarga  qoldirishni tomoshabin va tinglovchilarga singdirish viloyat teleradiokompaniyasining asosiy yo`nalishlaridir.