Surxondaryo

Surxondaryo radiosi

Surxondaryo radiosi

  Termiz shahrida radio eshittirishlar 1940 yilda yo`lga qo`yilgan. Dastlabki davrlarda sim orqali radioeshittirishlarni faqat Termiz shahri aholisi tinglash imkoniga ega bo`lgan bo`lsa, 1954 yildan radio efiri tog‘li Boysun tumanidan tashqari, viloyatning barcha tumanlarini qamrab oldi.

  1960–1970 yillarda Surxondaryo radiosi eshittirishlari hajmi kuniga 1 soatni tashkil etgan. Shundan 30 daqiqalik eshittirish mahalliy matbuot sharhi hamda qishloq xo`jaligi masalalariga bag‘ishlangan bo`lib, ayni tush payti aholi ishdan hordiq oladigan vaqtda efirga uzatilardi, kechki dasturlar mundarijasini esa o`zbek va rus tillaridagi viloyat yangiliklari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid turli rukndagi eshittirishlar, radiojurnallar, dam olish dasturlari tashkil etgan.

   Qariyb 40 yillik faoliyati davomida o`z binosiga ega bo`lmagan Surxondaryo radiosi uchun 1986 yilga kelib alohida bino ajratiladi.

  1988 yildan efirga uzatiladigan radiodasturlarning efir qamrovi kengayib, tojik tilida ham eshittirishlar uzatish yo`lga qo`yiladi.

   2003 yil 1 noyabrdan viloyat radiosi «Yangi asr» radiokanali nomi bilan o`z faoliyatini davom ettirdi. Radiokanal yildan-yilga o`z efir soatlarini oshirib borib, hozirda uning bir kunlik efir vaqti 16 soatni tashkil etadi.

  «Yangi asr» radiokanali eshittirishlari informatsion, ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy-badiiy hamda ko`ngilochar-musiqiy-dam olish yo`nalishida bo`lib, FM 102,1 va 101,0 to`lqinlari orqali efirga uzatiladi.