xorazm

Kompaniya haqida

Teleradiokompaniya haqida

  Xorazm televideniesi ilk bor 1961 yil 31 dekabr kuni efirga chiqqan. Dastlabki teleminoraning balandligi 30 metrcha bo`lib, TRSA – 56 rusumli 100 vatt quvvatga ega teleuzatgich yordamida televizion signallar Urganch shahri va uning yaqin atrofidagi tumanlarga tarqatilgan.

  1962 yil iyul oyida Urganch telemarkazi ish boshladi. Shundan so`ng televidenieda yangiliklar, konsert dasturlari va telespektakllarni jonli efirga uzatish yo`lga qo`yildi. Shu yili telemarkaz yonida yangi zamonaviy teleminora qurilishi boshlandi. 1963 yilda balandligi 150 metr bo`lgan teleminora ishga tushgach, Xorazm televideniesi dasturlarini Xorazm viloyati, Qoraqalpog`iston Respublikasining janubiy tumanlari va Turkmaniston Respublikasining Toshhovuz viloyati aholisi tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`ldi.

 1963 yil 1 yanvardan Xorazm televideniesining kunlik efir hajmi haftaning besh kuni 3 soatdan, yakshanba va bayram kunlari 2 soatdan etib belgilandi.

  Mustaqillik yillarida Xorazm televideniesida ham tub o`zgarishlar ro`y berdi. Mahalliy byudjet mablag`lari hisobiga «Panasonis» rusumli yarim professional kameralar va montaj uskunalari xarid qilinib, ko`rsatuvlarni tayyorlashda keng imkoniyatlar ochildi.

  2005 – 2007 yilda Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi «Siemens» firmasi (Germaniya)ning zamonaviy televizion uskunalari bilan jihozlandi. Yangi texnika va texnologiyalarning bosqichma-bosqich kirib kelishi ijodiy imkoniyatlarning kengayishiga, mazmunan chuqur, shaklan mukammal ko`rsatuvlar, yangi tok-shou, televiktorina hamda teleo`yinlarning yaratilishiga zamin bo`ldi.

  Xorazm televideniesi 2009 yildan alohida kanalga, alohida 1 kilovattlik teleuzatgichga ega bo`ldi va natijada kuniga 1 soat 20 daqiqa hajmidagi efirdan 16 soatlik ko`rsatuvlar bilan efirga chiqishga erishildi. Ko`rsatuvlar nafaqat hajm jihatdan, balki mazmun va mavzu jihatidan ham kengayib, yuqori texnik sifatga ega bo`ldi.

  2013 yil 20 apreldan Xorazm televideniesi dasturlari analog format bilan bir paytda raqamli formatda efirga tarqatila boshlandi. Efir sifati keskin yaxshilanib, qamrovi kengaydi. Yangi zamonaviy videokameralar sotib olindi va ichki imkoniyatlar hisobiga ko`chma televizion stansiya (mini KTS) ishga tushirildi.

Efir soati: 18 soat.

Efir qamrovi: Xorazm viloyati hududi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy, To`rtko`l, Ellikqal'a tumani, Turkmaniston Respublikasi Toshxovuz viloyati chegara qismi.